Saytning eski versiyasi !

“Mahalla” telekanali faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan MTRK bilan hamkorlikda tashkil etilgan matbuot anjumani uchun matbuot relizi

07 January 2015 Chop etish

Raqamli televideniye – mamlakatimiz telekommunikatsiya sohasining jadal rivojlanayotgan va aholining barcha qatlamlarini qamrab olayotgan yo‘nalishlaridan biri. Bugun mazkur yangi xizmat turining taqdim etilishi ko‘lamini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilashga katta ahamiyat berilmoqda. 
2006 yili Jenevada raqamli eshittirish rejasini tuzish bo‘yicha Hududiy radioaloqa konferensiyasining ikkinchi sessiyasida O‘zbekiston raqamli teleradiouzatishga bosqichma-bosqich o‘tish yuzasidan shartnomani imzolagan. MDH davlatlari orasida O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, raqamli standartga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha ishlar boshlangan. 
Amaliy ishlar 2008 yil 22 avgustda Toshkent va Buxoro shaharlarida raqamli televizion uzatkichlarni o‘rnatib, raqamli televideniye tajribaviy hududlarini tashkil etishdan boshlandi. Ushbu hududlarda raqamli televideniye tizimining o‘ziga hos xususiyatlari chuqur o‘rganilib, kelgusi ishlar uchun texnik-uslubiy asos belgilandi.
2010 – 2014 yillarda barcha hududlarda, jumladan Toshkent, Samarqand, Nukus, Urgench, Andijon, Farg‘ona, Guliston, Angren, Bekabod, Termiz, Namangan shaharlarida, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlarida raqamli televideniye uzatkichlari o‘rnatildi. 
Amalga oshirilgan ushbu ishlar natijasida hozirda respublika aholisining 54 foizidan ortig‘i, jumladan barcha viloyatlar markazlari raqamli televideniye dasturlarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 17 apreldagi PQ-1741-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi” tasdiqlangan. Unga ko‘ra raqamli televideniyega o‘tish ikki bosqichda, birinchi bosqich 2012 – 2015 yillarda, ikkinchi bosqich 2016 – 2017 yillarda amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 apreldagi PQ-2157-son «O‘zbekiston Respublikasida yer usti raqamli televideniyeni rivojlantirish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va Yaponiya tijorat banklarining imtiyozli kreditini jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaroriga muvofiq, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan birgalikda «O‘zbekiston Respublikasida yer usti raqamli uzatish tarmoqlarini rivojlantirish» investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 
Unga ko‘ra tegishli shartnoma imzolangan bo‘lib, unda Davlat dasturining 1-bosqichiga muvofiq jami 84 ta (jumladan, 2015 yilda 37 ta, 2016 yilda 47 ta) yuqori quvvatli raqamli televideniye uzatkichlarini o‘rnatish, Davlat dasturining 2-bosqichiga muvofiq 2017 yilga qadar uzoq va borish qiyin aholi yashash punktlarida jami 400 tagacha kam quvvatli raqamli televideniye uzatkichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Davlat dasturini amalga oshirish natijasida Respublika aholisini raqamli televideniye bilan qamrovi 100% ga yetkaziladi.
Hozirgi kunda zamonaviy televizorlarga ega bo‘lgan oila ushbu raqamli telekanallarni tomosha qilish imkoniyatiga ega. 
Analog signallarni qabul qiluvchi an’anaviy televizor egalari raqamli telekanallarni maxsus raqamli signallarni qabul qiluvchi qurilmalar (TV-tyunerlar) yordamida tomosha qilishi mumkin. Aytish joizki, Navoiy erkin-iqtisodiy industrial hududida “Telecom Innovations” korxonasi tomonidan shu turdagi tyunerlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan televizorlar raqamli signallarni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Raqamli televideniye – bu ko‘p dasturli televideniye xizmatlarini taqdim etish, teledasturlar sifati ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ko‘shimcha interfaol xizmatlarni ko‘rsatish demakdir. 
Videotasvirlarni yuqori darajada aniqlik bilan uzatish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Raqamli teleko‘rsatuvlar mamlakatimiz radiochastota resurslaridan yanada samarali foydalanish, bitta analog telekanalda bir qancha teledasturlarni tarqatish imkonini beradi. Bunda elektr energiya va ekspluatatsiya xarajatlari ham mutanosib ravishda kamayadi.
Aminmizki, tashkil etilayotgan yangi “Mahalla” raqamli telekanali ham raqamli teleradiouzatishning zamonaviy texnologiyasidan samarali foydalangan holda, ma’naviy-ma’rifiy dasturlari orqali yurtdoshlarimizning sevimli telekanallaridan biriga aylanadi.
Muallif: Axborot xizmati

Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni