Saytning eski versiyasi !

InfoCom-2014 ga bag‘ishlangan matbuot anjumani

19 September 2014 Chop etish

19 sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekistondagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining eng muhim nufuzli voqeasi – InfoCom-2014 AKT haftaligi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda AKT haftaligi tashkilotchilari, hamkor va homiylar ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari xodimlariga, jamoatchilikka joriy yilning 22-26 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan InfoCom-2014 doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, axborot texnologiyalarining iqtisodiyot jabhalariga, turmush tarzimizga keng joriy qilinayotgani sohalarda, davlat boshqaruvida samaradorlikka erishish, turmushimizni qulaylashtirish, iqtidorimizni namoyon qilishga xizmat qilmoqda. An’anaviy ravishda 2004 yildan boshlab sentyabr oyining uchinchi o‘n kunligi davomida o‘tkazib kelinayotgan AKT haftaligi axborot texnologiyalari sohasida ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, istiqboldagi vazifalarni belgilab olish, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar bilan sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish orqali xalqaro tajribani o‘rganish, aholini sohada erishilgan eng so‘nggi yutuqlar bilan tanishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

InfoCom-2014 doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda 20 dan ziyod mamlakatdan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ishlab chiqaruvchilari, kompaniya va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda.

Haftalik doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha milliy sammitni o‘tkazish, UZ-2014 milliy domeni internet-festivali yakunlarini sarhisob qilish, yoshlar o‘rtasida “MIT.uz” milliy internet-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash, “ICT Expo” axborot texnologiyalari xalqaro ko‘rgazmasi, O‘zbekistonda internet-provayding va milliy kontentni rivojlantirish masalalariga oid davra suhbati, shuningdek, dasturiy mahsulotlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan “Bestsoft Uzbekistan 2014” forum va ko‘rgazma, hamda e-sporti bo‘yicha “Uzbekistan Cyber Games – 2014” O‘zbekiston chempionatining final bosqichi, uning g‘oliblarini taqdirlash marosimini va boshqa ahamiyatli tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Haftalikka oid ma’lumotlar bilan batafsil www.ictweek.uz veb-saytida tanishishingiz mumkin.

Muallif: Axborot xizmati

Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni