Saytning eski versiyasi !

AKT mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha videokonferensiya

25 February 2017 Chop etish

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati va hududiy boshqarmalari, tizimdagi aksiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlari, korxona, tashkilot va muassasalarda 2017 yilda kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish maqsadida, 25 fevral kuni “Respublika hududlarida axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shu jumladan, “Elektron hukumat” tizimini joriy qilish, milliy dasturiy mahsulotlarni yaratish va aholiga hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari turlarini oshirish masalalari” mavzusida videokonferensiya o‘tkazildi. 

Bugun axborot texnologiyalari iqtisodiyot sohalarining rivojlanish asosiga aylanib ulgurgan. Bu esa jamiyatning intellektual salohiyati, taraqqiyoti bevosita axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalariga daxldorligini anglatadi. AKT sohasi mutaxassislarining iqtisodiyot va davlat rivojidagi muhim hissasi, ularga bo‘lgan talab va ehtiyojni inobatga olib, mamlakatimizning soha uchun kadrlar tayyorlash tizimi xalqaro talablardan kelib chiqib muntazam takomillashtirilmoqda, bu yo‘nalishda ilg‘or loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, “Vazirlik tizimidagi korxonalar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash rejasi” asosida 6 mayga qadar davom etadigan malaka oshirish o‘quvlarida sohaning 2,5 mingdan ziyod mutaxassislarining ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

O‘quvlarda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning tizimidagi muassasalar mutaxassislari, O‘zbekiston Milliy universiteti professor o‘qituvchilari “Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak”, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining mazmuni va mohiyati, Vazirlik tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar”, “Respublika hududlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, shu jumladan, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar”, “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, milliy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish borasida respublika hududlarida amalga oshirilayotgan loyihalar va uni takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududiy boshqarmalarining roli” mavzularida ma’ruzalar qilishadi. 

Shuningdek, soha mutaxassislari axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarining asosiy xizmat yo‘nalishlari va hududlar kesimidagi tahlili, aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini baholash natijalari va elektron davlat xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshiradilar. 

Qayd etish joizki, sohada xodimlarning bilim va malaka ko‘nikmalarini rivojlantirish, kasbiy salohiyatlarini oshirish bo‘yicha muntazam o‘quvlar tashkil etiladi. Xususan, “Vazirlik va uning tizimidagi korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlarini ingliz tili bo‘yicha 2017 yilda o‘qitish rejasi” tasdiqlangan bo‘lib, xodimlarning chet tilini mukammal o‘zlashtirishlari va o‘z ustida doimiy ishlashlari masalasida Toshkent shahridagi Inxa universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

Muallif: Axborot xizmati

Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni