Saytning eski versiyasi !

19-23 sentabr kunlari ICTWEEK Uzbekistan–2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi

10 September 2016 Chop etish

19-23 sentabr kunlari ICTWEEK Uzbekistan–2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi 

19-23 sentyabr kunlari O‘zbekistonda muayyan formatdagi bir qator maxsus tadbirlarni qamrab olgan ICTWEEK Uzbekistan–2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tadi. 
AKT Haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad AKT sohasida so‘nggi bir yil ichida erishilgan amaliy natijalarni tahlil qilish, afzalliklarni o‘rganib, imkoniyat va istiqbollarni chamalab, faoliyatning turli sohalarida AKTni joriy etish yuzasidan ilg‘or tendensiyalarni amalga tatbiq etish, milliy va xalqaro yutuqlarni uyg‘unlashtirish, asosiy urg‘u qaratilgan "elektron hukumat" tizimini takomillashtirishda jahondagi ilg‘or davlatlar tajribasini o‘zlashtirishdan iborat. 
ICT SUMMIT 2016 – AXBOROT-KOMMUNIKATsIYa TEXNOLOGIYaLARI SAMMITI
ICTWEEK Uzbekistan–2016 haftaligini ICT SUMMIT 2016 – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sammiti boshlab beradi. Sammit 20 sentyabr kuni Xalqaro biznes markazda umumiy yig‘ilish formatida tashkil etiladi. ICT SUMMIT 2016'da davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mas’ul rahbarlari, mahalliy va xalqaro ekspertlar, axborot texnologiyalari kompaniyalari vakillari, tahlilchilar ishtirok etadilar. 
AKT bo‘yicha milliy sammit axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida joriy etilishi, axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish maydoni sanaladi. Sammitda AKTni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar natijalari, soha oldida turgan vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanadi. 
Sammit an’anasiga ko‘ra, unda O‘zbekistonda hamda xorijda AKT sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli muassasa, mutaxassislarning ishtirok etishi unda ko‘rilayotgan yo‘nalishlari yuzasidan o‘zaro fikr almashish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, so‘nggi yutuqlar bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatini beradi. 

ICTEXPO–2016 AXBOROT TEXNOLOGIYaLARI XALQARO KO‘RGAZMASI
ICTWEEK Uzbekistan–2016 haftaligida muhim diqqat-markazda bo‘ladigan tadbirlardan biri bo‘lgan an’anaviy ICTEXPO–2016 xalqaro AKT mahsulotlari ko‘rgazmasi 21-23 sentyabr kunlari bir vaqtning o‘zida Toshkent (21-23 sentyabr) hamda Namangan (21-22 sentyabr) shaharlarida tashkil etiladi.
Ko‘rgazmani bir vaqtning o‘zida ikki shaharda o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda AKTdan foydalanish, xizmat va mahsulotlarga bo‘lgan talab va ehtiyoj darajasining hududlarda ham jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatishdan iborat.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, zamonaviy texnologiya va ishlanmalar namoyish etiladi. Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, kompyuter texnikasini yig‘uvchi korxonalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar, IT-kompaniyalar dillerlari, provayderlar, telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchilar, vazirliklar, idoralar, bank va boshqa muassasalar vakillari o‘zlarining qiziqarli stendlarini tashkil etadilar. 
“Elektron hukumat” tizimiga doir texnologiyalar stendi ko‘rgazmadan o‘rin olishi kutilayotgan muhim yo‘nalishlardan biridir. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etayotgan muassasalar "elektron hukumat" doirasida ko‘rsatayotgan xizmatlar, ulardan foydalanish haqida ma’lumot beradilar. 
“O‘zko‘rgazmasavdo markazi” majmuida 3 kun mobaynida davom etadigan tadbirda 30 ming kishining tashrifi kutilmoqda. 
ICT FORUM–2016
Haftalikning yana bir yorqin voqeasi – INTERNET FORUM 2016 forumida milliy va xalqaro internet mahsulotlari hamda ishlanmalari sohasida erishilgan yutuq va natijalar muhokama qilinadi. Forum 21–22 sentyabr kunlari Xalqaro Biznes markazida bo‘lim va seksiyalarga, mahorat darslari va muhokama doiralariga bo‘lingan shaklda tashkil etiladi. 
Jumladan, forum ishi "elektron hukumat" tizimi mavzulariga ixtisosolashgan “e-Government Uzbekistan” hamda “Raqamli iqtisodiyot” mavzularidagi anjumanlarni, shuningdek, "Axborot xavfsizligi", "Internet-forum", "Startap konferensiya" mavzularidagi seksiyalarda bo‘lib o‘tadi. 
Forum dasturi asosida AKT sohasini ommalashtirish, axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishni oshirishga qaratilgan interaktiv loyihalar ham o‘tkaziladi. 
Haftalikning asosiy voqealari qatoridan mamlakatimizning AKT sohasida faoliyat yuritayotgan faol yosh dasturchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «BestSoftChallenge», «Intellec2all» hamda O‘zbekistonda axborot xavfsizligini ta’minlash sohasi mutaxassislari o‘rtasida ilk marotaba o‘tkazilgan Cyber Security Challenge tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimlari, Xalqaro Elektraloqa Ittifoqining seminari kabi dolzarb, qiziqarli tadbirlari o‘rin olgan. 
19 sentyabr kuni jamoatchilikni Haftalik rejalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Xalqaro Biznes markazida ICTWEEK Uzbekistan 2016'ga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etiladi.
AKT haftaligi yurtimiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining eng yirik va keng ko‘lamli tadbiri sifatida mamlakatimizning eng ilg‘or mutaxassislari, xalqaro ekspertlar ishtirokidagi uchrashuvlarni, soha yutuq va muammolari muhokama etiladigan chiqishlarni, so‘nggi texnologiyalar namoyishini qamrab oladi. Shu jihati bilan uning oddiy talabadan tortib, sohaning yetuk mutaxassisigacha bo‘lgan barcha ishtirokchilar uchun qiziqarli va samarali kechishi kutilmoqda. 
ICTWEEK Uzbekistan 2016 tashkilotchilari: Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda ICTNEWS Conferences muassasasi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida bo‘lib o‘tadi. 
ICTWEEK Uzbekistan–2016 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish va tadbirlarga ro‘yxatdan o‘tish uchun haftalikning www.ictweek.uz rasmiy veb-saytiga tashrif buyuring. 
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun AKT haftaligi Tashkiliy qo‘mitasi:
Tel.: +99895 196 84 94
+99890 968 25 60
e-mail: pr@ictweek.uz
Muallif: Axborot xizmati

Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni