Saytning eski versiyasi !

Yagona portal orqali elektron xizmatlarni ko‘rsatishning yangi tartibi xususida

16 August 2016 Chop etish

Yagona portal orqali elektron xizmatlarni ko‘rsatishning yangi tartibi xususida

2016 yilning 16 avgust kuni Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 iyundagi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari haqida”gi 188-son qarori bilan qabul qilingan Yagona portal orqali elektron xizmatlarni ko‘rsatishning yangi tartib-taomillariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. 
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, joriy yilning iyun oyidan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonuni “elektron hukumat” sohasidagi munosabatlarni tartibga solib, davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini ta’minlash, ularning mas’uliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan axborot almashishni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratishga xizmat qiladi. 
Mazkur Qonunning amalga tatbiq etilishi fuqarolarning davlat idoralaridagi ortiqcha ma’muriy tartib-taomillardan himoya qilib, davlat xizmatlaridan oson va tez foydalanishlari, jarayonni soddalashtirish, taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish, idoralararo elektron hamkorlik qilishni maqbullashtirish uchun zamin yaratmoqda. 
Aynan mana shu O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunini hayotga tatbiq etish, fuqarolar va tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yilning 3 iyundagi “«Elektron hukumat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari haqida”gi 188-son qarori qabul qilingan. 
Ushbu qaror asosida tasdiqlangan Nizomda elektron davlat xizmatlarining tasnifi, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi, Yagona portal hamda davlat idoralari saytlariga qo‘yiladigan talablar belgilab berilgan.
2013 yildan boshlab faoliyat ko‘rsatib kelatyogan Yagona portal orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlar soni bugun 280 turdan ortgan. Bugungi kunda ushbu elektron davlat xizmatlardan 730 mingdan ziyod marotaba foydalanilgan bo‘lib, foydalanuvchilarning 44 foizi (326 mingdan ziyod) aholiga va 56 foizi (412 mingdan ziyod) tadbirkorlarga to‘g‘ri kelmoqda. 
Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, quyidagilar Yagona portalning asosiy vazifalari etib belgilangan: elektron davlat xizmatlarining ro‘yxatini, shuningdek ularni taqdim etish tartibini e’lon qilish;
elektron davlat xizmatlari olish uchun zarur bo‘lgan arizalarni va boshqa hujjatlarni ariza beruvchilardan elektron shaklda qabul qilish;
davlat organlari uchun elektron shaklda olingan arizalarni qayta ishlash imkoniyatini yaratish va natijani ariza beruvchiga yuborish;
elektron davlat xizmatlari ko‘rsatishga so‘rovlarni qabul qilish, idoraviy axborot tizimlariga uzatish, ular bo‘yicha natijalarni olish va ariza beruvchilarga taqdim etish;
elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holatini kuzatish;
elektron hujjatlarni shakllantirish, saqlash va ularning haqiqiyligini tekshirish;
asosiy davlat xizmatlari ko‘rsatish;
ariza beruvchilarning so‘rovlarini hisobga olish, shuningdek davlat organlari tomonidan elektron davlat xizmatlarining o‘z vaqtida va sifatli taqdim etilishi monitoringini amalga oshirish.
Elektron davlat xizmatlari fuqarolarga masofadan turib davlat organlari bilan o‘zaro elektron munosabatlarni amalga oshirish sharoitini yaratib, davlat idoralari fuqarolarga «yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatadi. Ya’ni, davlat organlari o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida ma’lumotlar almashish tizimi yo‘lga qo‘yilib, arizachining boshqa davlat idorasiga ariza so‘rab tashrif buyurishiga chek qo‘yiladi. Asosiy davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlari xizmatni ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan va davlat boshqa organlarining ixtiyorida bo‘lgan ma’lumotlarni idoralararo elektron hamkorlik vositasida elektron shaklda oladi.
Qarorga ko‘ra, elektron davlat xizmatlari foydalanish uchun qulay, ariza beruvchilarning ehtiyojlari hamda manfaatlariga mos kelishi kerak. Shuningdek, davlat organlari ariza beruvchilarning elektron davlat xizmatlaridan kafolatlangan va xavfsiz foydalana olishlarini ta’minlashlari zarur.
Ariza beruvchi Yagona portal yoki davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali elektron shaklda so‘rov yuborganida arizani o‘zining yoki uning vakilining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlagan bo‘lishi kerak. O‘z navbatida, ariza beruvchi murojaatiga javobni olish shaklini tanlash huquqiga ega. Ariza beruvchi so‘rovda javobni elektron shaklda yuborish talabini ko‘rsatgan taqdirda, murojaatga yuborilgan javob davlat organi rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi kerak. 
Elektron davlat xizmati ko‘rsatish tartibi va unga qo‘yiladigan talablar elektron davlat xizmatining reglamentida belgilanadi. 
Elektron hujjatlardagi ma’lumotlar qonuniy hisoblanadi. Davlat organlariga Yagona portalda shakllantirilgan elektron hujjatlarning nusxalarini qabul qilishni rad etishlari qat’iyan taqiqlangan. Davlat organlarining rahbarlari elektron xizmatlar ko‘rsatilishini asossiz rad etish va ularning sifatsiz taqdim etilishi uchun javobgar hisoblanadi.
Mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun elektron davlat xizmatlarining to‘liq ro‘yxatini o‘z ichiga olgan “Elektron davlat xizmatlarining yagona reyestri” ochiq va umumfoydalanadigan axborot resursi, “Davlat axborot resurslari va davlat organlarining axborot tizimlari reyestri”, foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish yagona axborot tizimi, elektron hujjatlarni qayta ishlashni va saqlashni ta’minlovchi, shuningdek Yagona portalda shakllantirilgan elektron hujjatning haqiqiyligini tekshirish vositalarini taqdim etuvchi axborot resursi shakllantirilmoqda.
Elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun so‘rovni ko‘rib chiqish va qayta ishlash, uni ko‘rsatish natijasini saqlash idoralararo va idoraviy axborot tizimlaridan, shu jumladan axborot resurslari va ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Ayni kunda mamlakatimizda davlat axborot resurslari soni 318 ta, axborot tizimlari soni 485 tani tashkil etmoqda. 
Shuningdek, davlat organlarida AKTni muntazam joriy etilishini o‘rganish, veb-saytlar faoliyatini takomillashtirish va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligini reytingli baholash tizimi” shakllantirib kelinmoqda. Mazkur reytingda davlat idorasining rasmiy veb-sayti va unda interaktiv davlat xizmatlarining ko‘rsatilish holati 100 ballik tizimda 60 ball bilan baholanadi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimining takomillashuvi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning oshkora va umumfoydalanadigan mexanizmlarini yaratish, ularni ko‘rsatish muddatlarini qisqartirish va ijro etish tartibini markazlashtirilgan holda nazorat qilish yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirishga, aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlarining xarajatlarining qisqarishiga xizmat qiladi.
Ikkitomonlama muzokara kayfiyatida o‘tgan matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masala yuzasidan atroflicha javob oldilar.
Muallif: Axborot xizmati

Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni