Saytning eski versiyasi !

“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishning huquqiy asoslari” mavzuida davra suhbati

29 April 2014 Chop etish

“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishning huquqiy asoslari” mavzuida davra suhbati

Joriy yilning 29 aprel kuni O‘zbekiston Aloqa tarixi muzeyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishning huquqiy asoslari” mavzuida davra suhbati tashkil etdi. Unda deputatlar, Vazirlar Mahkamasi, boshqa tegishli vazirlik va davlat idoralarining mutasaddilari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish borasida ustivor vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, davra suhbatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, ular tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda axborot texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalri muhokama etilib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlantirishga qaratilgan mustahkam qonunchilik bazasini yaratilganligi, iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish, elektron hujjat aylanishi, elektron tijorat, elektron to‘lovlar kabi bir qancha yangi xizmat turlari yuzaga kelib, ayniqsa, fuqarolarning masofadan turib dunyoning xohlagan davlati bilan axborot almashishiga keng yo‘l ochildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2013-2020 yillarga mo‘ljalangan milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks chora-dasturlarini amalga oshirish natijasida, bugunga kelib davlat organlari tomonidan aholiga Internet orqali 600 dan ziyod interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Davlat axborot resurslari soni 195 taga, ro‘yxatga olingan axborot tizimlari 154 taga yetdi. Internet tarmog‘i aholi, ayniqsa, tadbirkorlarning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida muhim vositaga aylanmoqda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali joriy yilning birinchi choragi mobaynida 20 ta yangi xizmat turi joriy qilinib, yagona davlat interaktiv xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatilayotgan jami xizmatlar soni 187 taga yetkazildi.

Tadbirda e’tirof etilganidek, O‘zbekistan Respubliki Prezidentining 2013 yil 27 iyundagi “Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi 1989-sonli Qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini joriy etishda muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari oldida turgan yana bir muhim masala – ichki me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishdir. Bu borada, davlat organlari tomonidan taqdim etilayotgan interaktiv davlat xizmatlarining reglamentlarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbatida “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadi davlat organlarining axborot texnologiyalari asosida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish, xizmat ko‘rsatish vaqti va jarayonlarini, shu jumladan, iqtisodiy sarf-xarajatlarni qisqartirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashdan iboratdir.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda AKT sohasiga oid milliy qonunchiligimiz inventarizatsiya qilinib, bir qator xorijiy mamlakatlarning, jumladan Avstriya, AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunlari har tomonlama tahlil etildi.

Muhokamalar jarayonida qonun loyihasida intekraktiv davlat xizmatlar turlari va ularga qo‘yiladigan talablar hamda ularni baholash mezonlari aniq belgilash, qounun talablarini amlaga oshirish borasida davlat organlarining mansabdor shaxslarini javobgarligini belgilovchi qoidalarni qonunchilikda belgilash borasida mulohazalar fikr va mulohazalar bildirildi.

Anjumanda shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini joriy etishga qaratilgan loyihalar va chora-tadbirlarni amlaga oshirish, xususan, davlat organlarining o‘z funksiyalarini bajarishda tezkorlik va sifatni oshirishga imkon beruvchi faoliyatini avtomatlashtirish; davlat organlarining korporativ va lokal tarmoqlarini yaratish va modernizatsiyalash; axborot tizimlarining idoralararo va idoraviy komplekslarni integratsiya qiladigan milliy tizimini yaratishni jadallashtirish; davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish va sifatini yaxshilash, davlat xizmatchilari, tadbirkorlik sub’ektlari va aholining axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar ham bildirildi.

Davra suhbati yakuni bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda iqtisodiyotning barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va foydalanish jarayonlari samaradorligini oshirishga oid huquqiy asoslarini hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.


Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni