Saytning eski versiyasi !

Toshkent shahridagi Inha universiteti faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani

22 April 2014 Chop etish

Toshkent shahridagi Inha universiteti faoliyati, abituriyentlar uchun yaratilgan qulayliklar muhokama qilindi

22 aprel kuni Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Janubiy Koreyaning Inha universiteti ma’muriyati hamkorligida Toshkent shahrida Inha universiteti faoliyatini tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ommaviy axborot vakillari, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey bitiruvchilari ishtirok etishdi.

O‘zbekistonda faoliyatini boshlayotgan navbatdagi xorijiy, Osiyoning eng ilg‘or ta’lim muassasalaridan birining tashkil qilinayotganligi to‘g‘risidagi xabar ko‘pchilik yoshlar o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘lgan edi.

Xalqaro standartlar asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilniing 24 mart kuni «Toshkent shahrida Inha universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaror imzolangan edi.

Tadbirda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan bir qatorda, universitet ta’sischilari hisoblangan «O‘zbekneftgaz» MXK, «O‘zbekenergo» DAK, «O‘zkimyosanoat» DAK, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» OAJ, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK, «O‘zbekiston temir yo‘llari» DATYK, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda «O‘zbektelekom» AK universitet faoliyatini samarali tashkil etishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Janubiy Koreyaning Inha universitetiga 1954 yil asos solingan bo‘lib, ayni kunda ta’lim muassasasida 20 yo‘nalishda 22 ming nafar talaba tahsil oladi. Seulning “JoongAngIlbo” nashri reytingida Inha universiteti Koreyaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlaydigan eng peshqadam ta’lim muassasalari beshtaligidan, shuningdek 2014 yil jahon miqyosida o‘rganilgan ta’lim dargohlari orasida mazkur yo‘nalishda eng ilg‘or universitetlar yuztaligidan joy olgan.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, yurtimizda milliy axborot kommunikatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan bir jarayonda soha uchun malakali kadrlarga katta ehtiyoj sezilmoqda. Yurtimizda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashda tizimida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari, 74 ta aksb-hunar kollejlari, akademik litseylar faoliyat ko‘rsatadi. Ulardagi yosh pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida axborot texnologiyalari yo‘nalishida Janubiy Koreyaning 10 dan ziyod universitetlari, xususan Inha universiteti bilan bir necha yillardan buyon samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda muassasaning hududiy bo‘linmalaridan saralab olingan 10 nafar yosh va iqtidorli o‘qituvchilari Janubiy Koreyaning Inha universitetida maxsus dastur asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirib qaytdilar.

Toshkent shahrida Inha universitetining tashkil qilinayotgani AKT sohasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya Respublikalari o‘rtasidagi ikki tomonlama mustahkam aloqalarning rivojlanishida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Yangi ta’lim dargohi joriy yilda texnikaning eng so‘nggi qulayliklari bilan jihozlangan o‘quv binolarida, Toshkent shahri, Ziyolilar ko‘chasi, 9- hamda 13 “a” manzilida faoliyatini boshlaydi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tarix instituti hamda “Fan” nashriyotining sobiq binolarida keng ko‘lamda kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Universitetning yangi o‘quv majmuida o‘quv binolari bilan bir qatorda, talabalar hamda xorijlik mutaxassislar uchun turar joy binolarini qurish ham ko‘zda tutilgan.

Matbuot anjumanida tashkilotchilar universitetda ta’lim tizimining tashkil etilishi, abituriyentlarni saralab olish jarayoni, kirish imtihonlari bilan bog‘liq savollarga javob berishdi.

Toshkent shahrida Inha universitetini tashkil etish bo‘yicha muassasalararo kommisiyaning qaroriga muvofiq, o‘rta maktab (11 yillik), akademik litsey va kasb-hunar kollej(12 yillik)larini tamomlaganlar sinov-imtihonlari natijalariga muvofiq, to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadilar. Universitet to‘lov-shartnomasining qiymati O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish narxlariga muvofiq belgilanadi. Shuningdek, sinov imtihonlarida yuqori natija ko‘rsatgan abituriyentlar uchun iqtisodiyotning turli soha korxonalari grantlarini ajratish ham rejalashtirilgan. Universitetda darslar ingliz tilida olib borilishini inobatga olgan holda, abituriyentlardan IELTS(Xalqaro ingliz tili test tizimi)da ingliz tilini 5,0 ball darajasida bilish talab etiladi.

Abituriyentlar joriy yilning 7 mayidan 21 iyungacha Toshkent shahridagi Inha universitetning www.iut.uz rasmiy veb-saytidan onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng abituriyentlar 2014 yil 6 iyundan 20 iyungacha, Toshkent vaqti bilan 18.00 ga qadar Universitet qabul komissiyasiga zarur hujjatlarni taqdim etishlari lozim.

Universitetga kirish uchun abituriyentlar 6 iyul kuni matematika hamda fizika fanlaridan yozma, 27 iyulda ingliz tilida og‘zaki imtihon topshirishadi. Imtihon javoblari 8 avgust kuni e’lon qilinadi. Imtihon savollari O‘zbekiston Respublikasining umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari) muassasalariga mo‘ljallangan dasturlari asosida tuziladi.

Toshkent shahridagi Inha universitetining 2014/2015 o‘quv yilida ilk darslari joriy yilning 1 oktyabrdan boshlab tashkil etiladi. Unda ta’limning 3 ta – kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring va kompyuter tarmoqlari injiniringi yo‘nalishlari bo‘yicha, 2 ta fakultetda 150 nafar bakalavr qabul qilinadi.

Ta’lim muassasasida o‘quv ta’limning kunduzgi shaklida Inha Universiteti (Koreya Respublikasi) o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. O‘qish davomiyligi – 4 yil. Universitet bitiruvchilariga Inha universiteti (Koreya Respublikasi)ning belgilangan namunadagi, O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat deb tan olinadigan diplom beriladi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti qabul komissiyasi Toshkent shahri, Olmazor tumani, Umid ko‘chasi 1 “a” uyda joylashgan Turin politexnika universiteti qoshidagi akademik litseyda faoliyat ko‘rsatadi.

Qabul komissiyasiga topshirish zarur bo‘lgan hujjatlar:

- Ariza shakli, ilovaga muvofiq;

- IELTS tizimi bo‘yicha guvohnoma;

- Ta’lim muassasasi(kasb-hunnar kolleji, akademik litsey, maktab)ni tugatganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning asl nusxasi(OTMni joriy yilda tugatganlardan tashqari);

- 3 x 4 hajmdagi 6 dona fotosurat;

- №086 shaklidagi tibbiy ma’lumot;

- pripisnoy guvohnomasi nusxasi;

- Fuqarolik pasporti nusxasi yoki yoki rezidentligi to‘g‘risida ma’lumot.

-

Universitet qabul jarayonlari to‘g‘risida bitiruvchilarga kengroq ma’lumotlar berish maqsadida, Inha universiteti (Janubiy Koreya) Qabul komissiyasi tomonidan joriy yilning 29 apreliga qadar yurtimizdagi kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda taqdimotlar tashkil etiladi. 29 aprel kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Elektron ta’lim” tarmog‘ida soat 10:00 (ro‘yxatdan o‘tish 9:30)da o‘tkazilgan tadbirlar yuzasidan 60 dan ortiq ta’lim muassasalari ishtirokida videokonferensiya tashkil etish belgilangan. Mazkur videomuloqotda abituriyentlar, ularning ota-onalari va xohlovchilar universitet faoliyati haqida batafsil bilib olishlari mumkin bo‘ladi.


Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni