Saytning eski versiyasi !

Murojaatlar bilan ishlash bo'yicha press-tur tashkil etildi

03 March 2017 Chop etish

DSC_9490.JPG

Jamoatchilikni vazirlik tizimida aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonidan yaqindan tanishitirish maqsadida, 3 mart kuni press-tur tashkil qilindi. Matbuot tadbirida ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur yo‘nalishda sohada yo‘lga qo‘yilgan tizim va qulayliklar bilan tanishdilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, takliflar bildirdilar. 

Yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan yaqindan ishlash O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatining doimiy muhim yo‘nalishlaridan biri. Shuning uchun ham, vazirlik aloqa va axborotlashtirish sohasi xizmatlari foydalanuvchilarini o‘zlariga qulay bo‘lgan usulda to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikka murojaat qilishga chaqiradi.

Fuqarolarni qabul qilish jadvali asosida har kuni vazirlikka tashrif buyurgan jismoniy va yuridik shaxslar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati tomonidan qabul qilinadi. Shuningdek, murojaatlar telefon qo‘ng‘iroqlari orqali og‘zaki shaklda ham yozib olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash holati xususida ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Yil boshidan bugunga qadar 1600 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Murojaat tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning aksariyat qismiga bevosita vazirlikka murojaat qilish orqali (vazirlik darajasida) ham yechim topish mumkin edi. 

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va uning tizimidagi korxonalarga 2017 yil boshidan buyon elektron shaklda 433 marotaba murojaat qilingan.

IMG_4695.JPG

Qayd etish lozimki, Yagona portal orqali murojaat yuborgan fuqaro davlat organidan olgan javobini baholash imkoniyatiga ham ega. Ya’ni, davlat organining munosabati uni qanoatlantirish darajasidan kelib chiqib, murojaat qilgan fuqaro javobni 5 ballik shkalada baholaydi. 

Yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan yanada tezkor ishlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya va pochta xizmatlari bilan yuzaga kelayotgan muammolarga imkon qadar qisqa vaqt ichida yechim topish maqsadida, Internet tarmog‘ining murojaat.mitc.uz manzilida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyatining virtual qabulxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yil boshidan mazkur tizim orqali 350 ta murojaat qabul qilingan. 

Shuningdek, fuqarolar 0 800 200-41-07 maxsus raqamidan foydalanib, bepul telefon qo‘ng‘iroq orqali virtual qabulxonaga murojaat yo‘llashlari mumkin. 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Virtual qabulxonasi orqali qabul qilinayotgan aholi murojaatlari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat murojaatlar internet (32%), aloqa (19%), mobil aloqa (15%), pochta (7%), teleradiouzatish (6%) xizmatlariga tegishli.

Alohida qayd etish joizki, telefon aloqasida nosozliklarga duch kelayotgan abonentlarning shikoyat bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga murojaat qilish holatlari ham tez-tez uchrab turadi. Vaholanki, mazkur yo‘nalishdagi muammolarni tezkor hal qilish maqsadida, “O‘zbektelekom” AK (uztelecom.uz)da onlayn qabulxona hamda abonent murojaatlarini qabul qiluvchi (+998 71) 244-34-43 telefon raqami, shuningdek 1084, 1086 qisqa raqamlari tashkil qilingan.
 
Shuningdek, mobil aloqa xizmatlari foydalanuvchilarining ham kichik anglashilmovchiliklar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga murojaat bilan chiqishayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Vaholanki, mazkur kamchiliklarga mobil operatorlarning abonentlarga uzluksiz faoliyat ko‘rsatadigan qo‘ng‘iroq markazlari mavjud. 

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda samarali tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida, axborot-kommunikatsiya sohasi muassasalarida ham virtual qabulxonalar tashkil etilgan. Jumladan, aholi pochta aloqasi xizmatlari yuzasidan “O‘zbekiston pochtasi” AJning www.pochta.uz saytidagi virtual qabulxonasi yoki (+998 71) 233-62-34 “Ishonch raqami” orqali murojaat qilish imkoniga ega. 

Shuningdek, vazirlik tizimidagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining www.gis.uz manzilida ham onlayn qabulxona mavjud. (+998 71) 237-01-11 “ishonch telefoni” mamlakatimizning barcha hududlaridan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilib, mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor harakatlarni amalga oshiradi. Inspeksiya aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qiluvchi davlat organi hisoblanadi. Sohaning xohlagan foydalanuvchisi inspeksiyaga murojaat qilishi mumkin. 

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatayotgan u yoki bu korxona-muassasaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish shikoyatchida yuzaga kelayotgan masalaga yanada tezkorlik bilan yechim topilishiga xizmat qiladi. Boisi, murojaatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori turadigan organga yuborilishi natijasida uning yana xizmat ko‘rsatuvchiga yetib borishi uchun vaqt talab etiladi. Shuningdek, murojaatning muayyan xizmatni ko‘rsatayotgan tashkilotga to‘g‘ri yuborilishi, ushbu tizimda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash ko‘nikmasining takomillashishiga xizmat qiladi. 

Albatta, iste’molchining muammo yoki masalasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot, Aloqa inspeksiyasi yoki vazirlik virtual qabulxonasi tomonidan hal qilinmasa, fuqarolar aholining hayotiy zarur masala va muammolarini hal qilish bo‘byicha eng yuqori turuvchi elektron tizim hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga murojaat qilishi mumkin. 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda uning tizimidagi muassasalarda fuqaro va tadbirkorlarning dolzarb muammo-masalalarini o‘z vaqtida hal qilish maqsadida, vazirlikda yangi – jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tashkil qilingan. 

Vazirlik aloqa va axborotlashtirish sohasi iste’molchilarini o‘zlarini qiynayotgan muammo bilan xizmat ko‘rsatuvchiga yoki Aloqa inspeksiyasiga, qolaversa to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat.mitc.uz virtual qabulxonasi orqali Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyatiga murojaat qilishga chaqiradi. 

Vazirlik kelib tushayotgan murojaatlarning o‘z vaqtida hal qilinishi yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘radi, shuningdek aholi va tadbirkorlarning sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalari hisobga olinadi. 
Muallif: Axborot xizmati

Davra
Fuqarolar murojaati Statistika Qayta aloqa Ishonch telefoni